Amudaryo bolalar sog‘lomlashtirish oromgohida sport kuni

Joriy yilning 1- iyul kuni Amudaryo bolalar sog‘lomlashtirish oromgohida sport kuni munosabati bilan, O‘zbekiston Davlat muassasalari va jamoat xizmati xodimlari kasaba uyushmasi Surxondaryo viloyat Kengashi tizimidagi O‘zbekiston Respublikasi Milliy gvardiyasi Surxondaryo viloyati Chavandozlar maktabi o‘zlarining Graf hamda Gurzufxon otlari bilan bolajonlarimizning quvonchiga quvonch ulashish uchun tashrif buyurdilar.
Ot — millatimiz, ayniqsa er–yigitlarimiz uchun azaldan or-nomus va iftixor ramzi bo‘lib kelgan. O‘zbekistonda, jumladan, Surxondaryoda chavandozlik mahorati ming yillar burunga borib taqaladi. Tarixga nazar tashlasak, butun dunyoda ot sporti miloddan avvalgi 680 yildan boshlab antik Olimpiada o‘yinlari dasturiga kiritilgani, albatta, ot sporti va chavandozlikka muhabbat qadimdan shakllangani yaxshi ma’lum.
Ayni kunlarda esa, yurtimizda o‘sib kelayotgan barkamol avlodni ot sporti, zamonaviy beshkurash, polo va uloq-ko‘pkari bilan muntazam shug‘ullanishga jalb etish, ot sportiga ishtiyoqmand iqtidorli yoshlarni tanlash va saralash, seleksiya ishlarini rivojlantirish, yuqori mahoratli sportchilar tayyorlash maqsadida Milliy gvardiya Surxondaryo viloyati Chavandozlar maktabi tomonidan bir qator sa’y-harakatlar amalga oshirilmoqda.
Shu ma’noda, Milliy gvardiya mas’ullari tomonidan yoshlarning Chavandozlar maktabi Amudaryo oromgohiga otlari bilan chiqishlarini tashkil etdi. Tadbirga mehmon sifatida tashrif buyurgan O‘zbekiston Davlat muassasalari va jamoat xizmati xodimlari kasaba uyushmasi Surxondaryo viloyat Kengashi esa bolajonlarga hamroh bo‘ldilar.
Tadbir davomida yoshlar, ot sportning kelib chiqish tarixi, bugungi kunda umidli sportchilarimiz tomonidan jahon arenalarida erishilayotgan yutuqlar hamda hukumatimiz tomonidan ot sportini ommalashtirish borasida amalga oshirilayotgan tizimli ishlardan xabardor bo‘lish bilan birga, sportchilarning mashg‘ulotlar jarayoni bilan yaqindan tanishdilar hamda ot ustida sayr qildilar.

Print Friendly, PDF & Email