Surxondaryoda stol tennisi bo‘yicha xotira turniri o‘tkazildi

Joriy yilning 28 aprel kuni «Amudaryo» bolalar sog‘lomlashtirish oromgohida «9 may – Xotira va qadrlash kuni»ga bag‘ishlangan sport musobaqasi bo‘lib o‘tdi. Mazkur xotira turniri Surxondaryo viloyati kasaba uyushmalari birlashmasining sobiq raisi, marhum Anvar Xasanovich Astanaqulov yodgorligiga bag‘ishlandi.

Tadbir O‘zbekiston kasaba uyushmalari Federatsiyasining Surxondaryo viloyati kengashi hamda O‘zbekiston Agrosanoat majmui xodimlari kasaba uyushmasi Respublika Kengashining viloyat bo‘yicha mas’ul tashkilotchisi hamkorligida tashkil etildi. Musobaqada agrar sohada mehnat qilayotgan xotin-qizlar sportning stol tennisi turi bo‘yicha o‘zaro kurash olib bordilar.

Qayd etish joizki, aprel oyi davomida turnirning tuman va shahar bosqichlarida 2 mingdan ortiq ayollar ishtirok etdi. Bu esa musobaqaning nufuzi va saviyasi yuqori ekanligidan dalolat beradi. Viloyat bosqichiga yo‘llanma olgan, tuman va shaharlardan saralangan 47 nafar eng kuchli sportchi xotin-qizlar g‘oliblik uchun bahslashdilar.

Qizg‘in va murosasiz kechgan o‘yinlar yakunida g‘olib va sovrindorlar aniqlandi. Tashkilotchilar tomonidan ularga I, II, III darajali diplomlar, medallar hamda qimmatbaho esdalik sovg‘alari tantanali ravishda topshirildi.

Surxondaryo viloyati FVBda «Butunjahon mehnatni muhofaza qilish kuni»ga bag‘ishlangan tadbir o‘tkazildi

Joriy yilning 28 aprel kuni O‘zbekiston davlat muassasalari va jamoat xizmati xodimlari kasaba uyushmasi Surxondaryo viloyat kengashi tizimidagi Surxondaryo viloyati Favqulodda vaziyatlar boshqarmasida «28 aprel — Butunjahon mehnatni muhofaza qilish kuni» munosabati bilan davra suhbati tashkil etildi.

Tadbir davomida ishtirokchilarga mamlakatimiz bo‘ylab ushbu sana doirasida amalga oshirilayotgan chora-tadbirlar hamda mehnat xavfsizligini ta’minlash borasidagi yangiliklar haqida batafsil ma’lumot berildi. Shuningdek, muloqot davomida xodimlar tomonidan korxona va tashkilotlarda O‘zbekiston Respublikasining «Mehnatni muhofaza qilish to‘g‘risida»gi Qonuni talablarining hayotga tadbiq etilishi, xavfsiz mehnat sharoitlarini yaratish va baxtsiz hodisalarning oldini olish yuzasidan berilgan ko‘plab savollarga mutaxassislar tomonidan atroflicha javob qaytarildi