Surxondaryoda stol tennisi bo‘yicha xotira turniri o‘tkazildi

Joriy yilning 28 aprel kuni «Amudaryo» bolalar sog‘lomlashtirish oromgohida «9 may – Xotira va qadrlash kuni»ga bag‘ishlangan sport musobaqasi bo‘lib o‘tdi. Mazkur xotira turniri Surxondaryo viloyati kasaba uyushmalari birlashmasining sobiq raisi, marhum Anvar Xasanovich Astanaqulov yodgorligiga bag‘ishlandi.

Tadbir O‘zbekiston kasaba uyushmalari Federatsiyasining Surxondaryo viloyati kengashi hamda O‘zbekiston Agrosanoat majmui xodimlari kasaba uyushmasi Respublika Kengashining viloyat bo‘yicha mas’ul tashkilotchisi hamkorligida tashkil etildi. Musobaqada agrar sohada mehnat qilayotgan xotin-qizlar sportning stol tennisi turi bo‘yicha o‘zaro kurash olib bordilar.

Qayd etish joizki, aprel oyi davomida turnirning tuman va shahar bosqichlarida 2 mingdan ortiq ayollar ishtirok etdi. Bu esa musobaqaning nufuzi va saviyasi yuqori ekanligidan dalolat beradi. Viloyat bosqichiga yo‘llanma olgan, tuman va shaharlardan saralangan 47 nafar eng kuchli sportchi xotin-qizlar g‘oliblik uchun bahslashdilar.

Qizg‘in va murosasiz kechgan o‘yinlar yakunida g‘olib va sovrindorlar aniqlandi. Tashkilotchilar tomonidan ularga I, II, III darajali diplomlar, medallar hamda qimmatbaho esdalik sovg‘alari tantanali ravishda topshirildi.

Print Friendly, PDF & Email