Surxondaryo viloyati Uzun tumanida joylashgan “Janub gavhari” bolalar oromgohi 1-mavsum uchun o‘z faoliyatini boshladi!

Joriy yilning 10-iyun sanasida Surxondaryo viloyati Uzun tumanida joylashgan “Janub gavhari” bolalar oromgohi 1-mavsum uchun bolalarni qabul qilishni boshladi. Ushbu kun oromgohning tasdiqlangan rejasiga binoan “Salom, oromgoh!” kuni deb e’lon qilindi.

Qabul davomida ota-onalar oromgohda bolajonlar uchun yaratilgan shart-sharoitlar bilan yaqindan tanishdilar. Jarayon avvalida tuman Tibbiyot birlashmasidan biriktirilgan shifokorlar bolajonlarning salomatligini ko‘zdan kechirdilar.

Quyida “Janub gavhari” oromgohining 1-kuni — “Do‘stlik kuni” faoliyatidan videolavhani tomosha qilishingiz mumkin.

Markaziy Osiyoda yagona: Termizda Mehnat va ijtimoiy munosabatlar akademiyasi targ‘ibot tadbiri o‘tkazildi

Termiz shahrida O‘zbekiston Kasaba uyushmalari federatsiyasining Mehnat va ijtimoiy munosabatlar akademiyasi faoliyatiga bag‘ishlangan keng qamrovli targ‘ibot tadbiri bo‘lib o‘tdi. Unda kasaba uyushmalari faollari, yoshlar, abiturientlar hamda ta’lim sohasiga qiziquvchi fuqarolar ishtirok etdi.

Tadbirni O‘zbekiston kasaba uyushmalari federatsiyasi Surxondaryo viloyati kengashi raisi A. Axmedov ochib berdi. U o‘z nutqida mamlakatimizda yoshlarni zamonaviy bilim va kasb-hunarlarga yo‘naltirish, mehnat bozorida raqobatbardosh kadrlar tayyorlash davlat siyosatining ustuvor yo‘nalishlaridan biri ekanini alohida ta’kidladi.

Tadbir davomida Akademiya faoliyatiga bag‘ishlangan maxsus videorolik namoyish etildi. Ishtirokchilar videolavha orqali oliy ta’lim muassasasining zamonaviy moddiy-texnik bazasi, o‘quv jarayonlari, talabalar uchun yaratilgan shart-sharoitlar va ilmiy izlanishlar imkoniyatlari bilan yaqindan tanishdilar.

Akademiya vakili Salim Abdulhakimov so‘zga chiqib, mazkur dargohning tashkil etilish tarixi va ilmiy salohiyati haqida to‘xtaldi. Jumladan:

  • Professor-o‘qituvchilar tarkibi;
  • Zamonaviy va istiqbolli ta’lim yo‘nalishlari;
  • Bitiruvchilarning mehnat bozoridagi o‘rni;
  • Nazariy bilim va amaliyotning uyg‘unligi haqida batafsil ma’lumot berildi.

Uchrashuvda ishtirok etgan surxondaryolik talabalar ham o‘z taassurotlari bilan o‘rtoqlashdilar. Ular ta’lim sifati, talabalar uchun berilayotgan imtiyozlar va bo‘sh vaqtni mazmunli tashkil etish bo‘yicha yaratilgan qulayliklarni e’tirof etdilar.

Savol-javoblarga boy o‘tgan tadbirda ishtirokchilar qabul tartibi, yo‘nalishlar va istiqboldagi rejalar yuzasidan o‘zlarini qiziqtirgan barcha savollarga javob oldilar.

Birinchi iyun — Xalqaro bolalarni himoya qilish kuni.

Yozning birinchi kuniga to‘g‘ri keladigan Xalqaro bolalarni himoya qilish kuni eng qadimiy xalqaro bayramlardan biri bo‘lib, butun dunyoda 1950-yildan beri nishonlanadi. Uni o‘tkazish to‘g‘risidagi qaror 1949-yil noyabr oyida bo‘lib o‘tgan maxsus sessiyada Xalqaro demokratik ayollar federatsiyasi tomonidan qabul qilingan. BMT ushbu tashabbusni qo‘llab-quvvatladi va bolalar huquqlari, hayoti hamda salomatligini himoya qilishni o‘z faoliyatining ustuvor yo‘nalishlaridan biri deb e’lon qildi.

Xalqaro bolalarni himoya qilish kuni, eng avvalo, kattalarga bolalarning yashash, fikr va e’tiqod erkinligi, ta’lim olish, hordiq chiqarish va dam olish huquqlarini hurmat qilish zarurligini eslatadi. Shuningdek, u bolalarni jismoniy va ruhiy zo‘ravonlikdan hamda bolalar mehnatidan himoya qilish — insonparvar va adolatli jamiyatni shakllantirishning asosiy sharti ekanini bildiradi.

1959-yilda Birlashgan Millatlar Tashkiloti tomonidan Bola huquqlari deklaratsiyasi qabul qilindi. Unda ota-onalar, davlat organlari, mahalliy hokimiyatlar, hukumatlar va nodavlat notijorat tashkilotlarini bolalarning belgilangan huquq hamda erkinliklarini tan olishga va ularga rioya qilishga chaqiruvchi moddalar o‘rin olgan. Deklaratsiya tavsiya xarakteriga ega bo‘lib, majburiy kuchga ega emas edi.

Bola huquqlari xalqaro huquq darajasida ko‘rib chiqilgan birinchi va asosiy huquqiy hujjat — 1989-yil 20-noyabrda BMT tomonidan qabul qilingan Bola huquqlari to‘g‘risidagi konvensiyadir.

O‘zbekistonda bolalar huquqlari, avvalambor, Konstitutsiya bilan belgilangan. Shuningdek, ular 2007-yilda qabul qilingan “Bola huquqlarining kafolatlari to‘g‘risida”gi qonun hamda 2019-yil 22-apreldagi “Bola huquqlari kafolatlarini yanada kuchaytirishga oid qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi PQ-4296-sonli qaror bilan himoyalangan. O‘zbekistonda 2019-yildan boshlab Bolalar ombudsmani instituti ham joriy etilgan.

Bundan tashqari, O‘zbekistonda bolalarning har tomonlama — ham jismoniy, ham intellektual yetuk insonlar bo‘lib o‘sishini ta’minlash davlat siyosatining ustuvor vazifalaridan biri etib belgilangan.