Angorda “Ilmli ayol – kuchli jamiyat” xotin-qizlar ta’lim forumi o‘tkazildi

Angor tumanida xotin-qizlarning ilm-fan, ta’lim va kasb-hunar sohalaridagi faolligini oshirish maqsadida “Ilmli ayol – kuchli jamiyat” mavzusida ta’lim forumi tashkil etildi. Tadbirdan ko’zlangan asosiy maqsad — xotin-qizlarni oliy ta’limga, zamonaviy kasblarni egallashga hamda tadbirkorlik faoliyatiga keng jalb etishdan iborat.

Forum davomida mamlakatimizda xotin-qizlarni har tomonlama qo‘llab-quvvatlash, ularning sifatli ta’lim olishi uchun yaratilayotgan imkoniyatlar, ta’lim kreditlari, grantlar va boshqa imtiyozlar haqida batafsil ma’lumot berildi.

Tadbirda quyidagi mas’ullar ishtirok etib, o‘z fikr-mulohazalarini bildirdilar:

  • Normurodova — Angor tumani hokimligi Oila va xotin-qizlar bo‘limi boshlig‘i;
  • Qobulova — Xalq banki Angor tumani filiali rahbari o‘rinbosari;
  • Ibragimova — Tuman bosh otinoyisi;
  • Tumandagi tashkilotlarning rahbari bo‘lgan ayollar.

Uchrashuvda xotin-qizlarning jamiyatdagi o‘rni, huquqiy savodxonligini oshirish, ta’lim olishga bo‘lgan intilishini qo‘llab-quvvatlash va ularning bandligini ta’minlash masalalari atroflicha muhokama qilindi.

Shuningdek, forumda ilmiy va kasbiy faoliyatda yuksak natijalarga erishgan, jamiyatda munosib o‘rin egallagan xotin-qizlarning muvaffaqiyat yo‘li haqida so‘z yuritildi. Ularning hayotiy tajribasi va erishgan yutuqlari yosh qizlar uchun motivatsion namuna sifatida e’tirof etildi.

Mazkur forum xotin-qizlarning ta’lim olishga bo‘lgan qiziqishini yanada oshirish, ularning intellektual salohiyatini ro‘yobga chiqarish hamda jamiyat taraqqiyotidagi faol ishtirokini ta’minlash yo‘lida muhim qadam bo‘ldi.

Print Friendly, PDF & Email