Kasaba uyushmasi faxriysi Ximoyiddin Sharofutdinov xotirasiga bag‘ishlangan ochiq turnir o‘tkazildi
Joriy yilning 4 may kuni “Amudaryo” bolalar oromgohida “9 may – Xotira va qadrlash kuni” munosabati bilan kasaba uyushmasi faxriysi Ximoyiddin Sharofutdinov xotirasiga bag‘ishlangan ochiq turnir o‘tkazildi. O‘zbekiston kasaba uyushmalari Federatsiyasining Surxondaryo viloyati kengashi hamda O‘zbekiston tadbirkorlik, biznes va xizmat ko‘rsatish sohasi xodimlari kasaba uyushmasi Surxondaryo viloyat birlashgan qo‘mitasi hamkorligida tashkil etilgan ushbu musobaqada viloyatdagi tashkilot va muassasalarda mehnat qilib kelayotgan xotin-qizlar sportning shaxmat turi bo‘yicha o‘zaro kuch sinashdilar.
Qizg‘in bahs va murosasiz kurashlarga boy bo‘lgan musobaqa yakunlariga ko‘ra, 1-o‘rinni Xosiyat Ashurova, 2-o‘rinni Gulshod Turdiqulova va 3-o‘rinni Hayitgul Safarova qo‘lga kiritdi. Musobaqa g‘olib va sovrindorlariga tashkilotchilarning I, II, III darajali diplom hamda medallari, shuningdek, qimmatbaho sovg‘alari topshirildi.