SOG‘LOM XALQ YURT FAROVONLIGI VA TARAQQIYOTINI AMALGA OSHIRUVCHI KATTA KUCHDIR

Inson qadr-qimmati ulug‘langan, manfaatlari ustuvor yurtda yuksalish va taraqqiyot bardavom bo‘ladi. E’tiborlisi, mustaqillik yillarida mazkur tamoyil asosida mamlakatimizning barcha jabhalarida ijobiy o‘zgarish va yangilanishlar kuzatilib, xalqimizning erkin va farovon yashashi, baxtli hayoti yo‘lida izchil islohotlar amalga oshirilmoqda.
Ayniqsa, mamlakatimizda aholining sog‘ligini muhofaza qilish va mustahkamlash masalasiga davlat siyosati darajasida e’tibor qaratilayotgani bejiz emas. Zero, xalq salomatligi, millat genofondi mustahkamligi shu davlatning katta boyligi sanaladi.
Yangi tahrirdagi Konstitutsiyaning qator moddalarida ushbu masalaga e’tibor qaratiligan bo‘lib, xususan 42-moddasida “Har kim munosib mehnat qilish, kasb va faoliyat turini erkin tanlash, xavfsizlik va gigiena talablariga javob beradigan qulay mehnat sharoitlarida ishlash huquqiga ega ekanligi belgilangan bo‘lsa, 48-moddasida “Har kim sog‘lig‘ini saqlash va malakali tibbiy xizmatdan foydalanish huquqiga ega ekanligi, O‘zbekiston Respublikasi fuqarolari tibbiy yordamning kafolatlangan hajmini qonunda belgilangan tartibda davlat hisobidan olishga haqli ekanligi, shuningdek, davlat jismoniy tarbiya va sportni rivojlantirish, aholi o‘rtasida sog‘lom turmush tarzini shakllantirish uchun shart-sharoitlar yaratib berish kabi masalalarning Konstitutsiya darajasida mustaxkamlab qo‘yilayotganligi ham bunga yana bir misoldir.
Qayd etish kerakki, keyingi besh–olti yilda sog‘liqni saqlash sohasini tubdan takomillashtirish, xalqimizga sifatli tibbiy xizmat ko‘rsatish, aholining reproduktiv salomatligini mustahkamlash, sog‘lom avlod tarbiyasi uchun zarur shart-sharoitlar yaratish davlatimiz siyosatining ustuvor yo‘nalishlaridan biri sifatida belgilanib, bu yo‘lda misli ko‘rilmagan ishlar amalga oshirildi. Bugun yurtimiz tibbiyotidagi bu kabi ijobiy o‘zgarish va yangilanishlarni mamlakatimizning har bir fuqarosi o‘z hayotida, turmush tarzida chuqur his etmoqda.
Mamlakatimizda aholiga ko‘rsatilayotgan tibbiy xizmatlar sifatini oshirish maqsadida yangidan–yangi shifoxona, markaz hamda sanatoriylar bunyod etilib, ular zamonaviy tibbiyot uskuna va asboblari bilan jixozlanmoqda.
Ta’kidlash joizki, aholi salomatligini tiklash va mustaxkamlash borasidagi davlatimiz tomonidan amalga oshirlayotgan islohotlar kasaba uyushmalarining ham faoliyat maydoni bo‘lib qolmoqda.
Jumladan, 2017 yilda barcha sharoitlarga ega zamonaviy «Amudaryo» bolalar sog‘lomlashtirish oromgohining qurilib foydalanishga topshirildi. Buning natijasida har yili xalqimizning 1000 nafar farzandlarini dam oldirish hamda sog‘lomlashtirish imkoniyati yaratildi. Shuningdek, 2017 yilda Termiz tumanida 250 o‘rinli «Termiz marvaridi» sanatoriysi, 2020 yilda Oltinsoy tumanida 180 o‘rinli «Xo‘jaipok» sanatoriysi, foydalanishga topshirildi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining tegishli qaroriga muvofiq Boysun tumanidagi «Omonxona» sanatoriysi ham kasaba uyushmalari tasarrufiga o‘tkazildi. Shu munosabat bilan mazkur sanatoriyda dam oluvchilar uchun yanada qulay sharoitlarni yaratish hamda zamonaviy xolga keltirish hamda so‘nggi rusumdagi tibbiyot jixozlari bilan ta’minlash maqsadida keng ko‘lamli qurilish-rekonstruksiya ishlari boshlab yuborilgan.
2022 yilda Sariosiyo tumanida «Sangardak» sanatoriysining 50 o‘rinli binosi foydalanishga topshirilgan bo‘lsa, ayni kunlarda mazkur sanatoriyning 200 kishiga mo‘ljallangan 7 qavatli binosini qurib foydalanishga topshirish ustida keng ko‘lamli ishlar olib borilmoqda.
O‘zbekiston kasaba uyushmalari Federatsiyasi Kengashi Kurortlar boshqarmasi buyurtmasiga asosan, O‘zbekiston kasaba uyushmalari Federatsiyasi Kengashi qoshidagi “Kasaba qurilish ta’mir sho‘ba korxonasi” tomonidan bunyod etilmoqda. Ushbu sanatoriyni aholi xizmatiga topshirish Vatanimiz mustaqilligining 32 yilligi bayrami kunlariga mo‘ljallangan.
Ma’lumot o‘rnida qayd etish kerakki, O‘zbekiston kasaba uyushmalari Federatsiyasi mablag‘lari hisobidan qad ko‘tarayotgan mazkur inshoatning loyiha qiymati 105,5 mlrd. so‘mni tashkil etib, yiliga 6 ming nafardan ortiq xodimlar va ularning oila a’zolarini sog‘lomlashtirish imkoniyatiga ega.
Shu o‘rinda yangi tahrirdagi Konstitutsiya loyihasining 73-moddasida «Kasaba uyushmalari xodimlarning ijtimoiy-iqtisodiy huquqlarini va manfaatlarini ifoda etadilar va himoya qiladilar» deb belgilab qo‘yilayotganligi ham bizga katta mas’uliyat yuklaydi.
Umuman olganda aholi salomatligi uchun qayg‘urish, ularning samarali mehnat qilishlari uchun munosib sharoitlar yaratish, maroqli hordiq chiqarishlarini ta’minlash bizning oldimizda turgan asosiy vazifalardandir. Zero, xalqimizga sidqidildan xizmat qilish bizning asosiy maqsadimizdir.