
“YANGI O‘ZBEKISTON – YOSHLAR MAMLAKATI” SHIORI OSTIDA SPORTNING SUZISH TURI BO‘YICHA SPORT MUSOBAQASI BO‘LIB O‘TDI.
Qayd etish kerakki yurtimizda so‘ngi yillarda yoshlarning suv sporti turlariga qiziqishini oshirish orqali iqtidorli sportchilarni tanlash va saralash tizimini takomillashtirish, malakali mutaxassis va hakamlar tayyorlash, milliy terma jamoalarimizning xalqaro musobaqalarda yuqori natijalarga erishishini ta’minlash ustuvor vazifalardan biri sifatida qaralib kelinmoqda.
Bu borada O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2024-yil 4 noyabrdagi “Suv sporti turlarini rivojlantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi PQ-382-sonli Qarorining qabul qilinishi mazkur sport turini yanada rivojlantirish va ommaviyligini oshirishdagi muhim ijobiy qadamlardan biri bo‘ldi.
Bugun Termiz shahridagi “Delfin” suzish havzasida O‘zbekiston kasaba uyushmalari Federatsiyasining Surxondaryo viloyat Kengashi tashabbusi bilan viloyat Sport boshqarmasi, viloyat suzish Federatsiyasi hamkorligida O‘zbekiston Respublikasi davlat Mustaqilligining
34 yillik bayrami, O‘zbekiston kasaba uyushmalari harakatining 120 yilligi munosabati balan yoshlar o‘rtasida “Yangi O‘zbekiston – Yoshlar mamlakati” shiori ostida sportning suzish turi bo‘yicha “O‘zbekiston kasaba uyushmalari Federatsiyasining Surxondaryo viloyat Kengashi kubogi” uchun sport musobaqasi tashkil etildi.
Musobaqa ikki yosh toifasida 2007 yilda tug‘ilganlar va undan kattalar, 2008-2010 yillarda tug‘ilgan o‘g‘il-qizlar o‘rtasida erkin suzish 100 metrga, chalqancha suzish 100 metrga va 50 metrga batterflyay usulda suzish turlari bo‘yicha tashkil etildi.
Qizg‘in kurashlarga boy o‘tgan musobaqa yakunida g‘oliblar tashkilotchilarning diplom va qimmatbaho sovg‘alari bilan taqdirlandilar.