Viloyatimizda yuksak saviyada keng ko‘lamli harbiy parad o‘tkazildi

Joriy yilning 4-aprel kuni Amir Temur tavalludining 690 yilligi munosabati bilan viloyatimizda yuksak saviyada keng ko‘lamli harbiy parad o‘tkazildi.

Mazkur tantana buyuk sarkarda va davlat arbobining boy tarixiy merosini ulug‘lash, yosh avlod qalbida vatanparvarlik tuyg‘usini mustahkamlash hamda milliy qadriyatlarimizni keng targ‘ib etish maqsadida tashkil etildi.

Tadbirda viloyatdagi barcha kuch tuzilmalari, harbiy xizmatchilar va huquqni muhofaza qiluvchi organlar vakillari, shuningdek, Milliy gvardiya Qorabayir otlari mahorat maktabi hamda Chavandozlar maktabi jamoalari faol ishtirok etib, o‘zlarining yuksak tayyorgarligi va saf intizomini namoyish etdilar.

Paradda otliq chavandozlarning ishtiroki alohida e’tiborga sazovor bo‘ldi. Ular Sohibqiron davri navkarlarining jangovar liboslarida saf tortib, tarixiy an’analarimizni jonli tarzda aks ettirdilar. Saf muqaddimasida ramziy Amir Temur siymosidagi chavandozning ko‘rinishi tadbirga o‘zgacha salobat va ruh bag‘ishladi.

Print Friendly, PDF & Email