Termizda seminar bo‘lib o‘tdi

Unda Oliy sud va viloyat sudi fuqarolik ishlari bo‘yicha sudyalari, vohadagi tashkilot, muassasa va korxonalarning kadrlar masalalari bo‘yicha mutasaddilari, kasaba uyushma qo‘mitalari raislari ishtirok  etdi.

Seminarda viloyat sudi raisi o‘rinbosari – fuqarolik ishlari bo‘yicha sudlov hay’ati raisi Bahodir Jumaev, Oliy sud fuqarolik ishlari bo‘yicha sudlov hay’ati sudyasi Nurali Rahmonov, viloyat sudi fuqarolik ishlari bo‘yicha sudyasi Sherali Tog‘oev va boshqalar mehnat munosabatlari hamda unga rioya etish, fuqarolarning buzilgan mehnat huquqlarini himoyalash yuzasidan mamlakatimizda amalga oshirilayotgan ishlar haqida so‘z yuritdi. 

O‘tgan yil viloyatda sudlarga manfaatdor idoralar kiritgan da’vo arizalari tahlil qilinib, fuqarolarning buzilgan mehnat munosabatlarini tiklash bo‘yicha murojaat qilish tartiblari, sudgacha Mediatsiya to‘g‘risidagi qonun talablaridan keng foydalanish, korxona va tashkilotlarga xodimning buzilgan huquqlarini himoya qilish yuzasidan taqdimnomalar chiqarish to‘g‘risida atroflicha ma’lumot berildi. Xodim huquqlari o‘z vaqtida tiklanmagan hollarda sudlarga shaxs manfaatida da’vo arizasi berish, mazkur harakatlar ko‘pchilik byudjet tashkilotlarining to‘lanishi lozim bo‘lgan ortiqcha xarajatlaridan saqlab qolishi tushuntirildi.

Yuzaga kelayotgan mehnat nizolari dastlab xodim ishlagan yoki ishlayotgan korxona, muassasa va tashkilotning kasaba uyushmasida yoxud mehnat nizolari bo‘yicha komissiyalarida ko‘rib chiqilib, uning buzilgan huquqlarini tiklash choralarini ko‘rish, sudgacha bo‘lgan bosqichda nizolarga taraflar o‘rtasida kelishuv va Mediatsiya tartib-tamoyillari asosida yechim topish hamda xodimning huquqlarini tiklash, shuningdek, ularning mehnat qonunchiligida belgilangan va qonun bilan kafolatlangan huquqlarini ta’minlash yuzasidan fikr almashdi.

Tadbirda mehnat shartnomasini bekor qilish asoslari, qonunlarda, intizom to‘g‘risidagi ustav yoki nizomlarda nazarda tutilmagan intizomiy jazo choralarini qo‘llashga yo‘l qo‘ymaslik, xodim o‘z mehnat majburiyatini buzgan hollarda intizomiy yoki moddiy javobgarlikka tortilishi yoki mehnat qonunchiligi hamda boshqa huquqiy hujjatlarda nazarda tutilgan ta’sir choralarining qo‘llanilishi haqida tushuncha berildi.

Qiziqarli bahs-munozaralar asosida o‘tgan seminarda prokuratura organlarining fuqarolarning buzilgan huquqlarini tiklash borasida olib borayotgan ishlari, kasaba uyushmalari, kambag‘allikni qisqartirish va bandlik boshqarmasi davlat inspektorlarining intizomiy jazo choralarini qo‘llash yuzasidan ko‘rayotgan chora-tadbirlari to‘g‘risidagi ma’ruzalari ham tinglandi. Ishtirokchilarni qiziqtirgan savollarga atroflicha javob berildi.

Print Friendly, PDF & Email