
TERMIZ SHAXRIDA O‘ZBEKISTON DAVLAT MUASSASALARI VA JAMOAT XIZMATI XODIMLARI KASABA UYUSHMASI SURXONDARYO VILOYAT TASHKILOTINING II-HISOBOT-SAYLOV KONFERENSIYASI O‘TKAZILDI
Termiz shaxrida O‘zbekiston davlat muassasalari va jamoat xizmati xodimlari kasaba uyushmasi Surxondaryo viloyat Kengashining tarixiy ahamiyat kasb etuvchi hisobot-saylov konferensiyasi yuqori saviyada va keng qamrovda tashkil etildi.
Konferensiya O‘zbekiston kasaba uyushmalari harakatidagi muhim bosqich sifatida namoyon bo‘ldi. Unda 2020–2025 yillar davomida viloyat Kengashi tomonidan amalga oshirilgan keng ko‘lamli ishlarning tahlili, samaralari va istiqboldagi vazifalar atroflicha muhokama qilindi.
Mazkur davr mobaynida kasaba uyushmasi “O‘zbekiston – 2030” milliy strategiyasida belgilangan ustuvor yo‘nalishlarni hayotga tadbiq etishda faol ishtirok etdi. Mehnat munosabatlarini takomillashtirish, ijtimoiy himoya kafolatlarini mustahkamlash, xodimlarning kasbiy o‘sishi uchun qulay muhit yaratish kabi masalalar doimo diqqat markazida bo‘ldi.
Viloyat Kengashi raisi Nodira Ximmatova tomonidan taqdim etilgan hisobot so‘nggi besh yillikdagi faoliyatning barcha muhim jihatlarini qamrab oldi. Hisobotda erishilgan natijalar, amalga oshirilgan loyihalar va yangicha yondashuvlar hayotiy misollar bilan boyitilgan holda taqdim etildi.
Taftish komissiyasi tomonidan tashkilot faoliyatining shaffofligi, hisobotdorligi va samaradorligiga bag‘ishlangan tahlillar ham e’lon qilindi. Moliyaviy tizimdagi intizom, rejalarning to‘liq ijro etilishi hamda har bir a’zo manfaatining inobatga olinishi alohida e’tirof etildi.
Saylov jarayonlari demokratik mezonlar asosida, shaffof va ochiq muhitda, muqobil nomzodlar ishtirokida tashkil etildi. Delegatlarning yakdil ishonchi bilan Nodira Ximmatova navbatdagi besh yillik muddatga yana viloyat Kengashi raisi etib saylandi.
Shu bilan birga, kengash a’zolari, taftish komissiyasi va uning raisi ham yangilanib, tashkilotning tashkiliy salohiyati yanada mustahkamlandi.
Yakuniy so‘zlarda yangi saylangan rahbariyat oldiga bir qator strategik vazifalar qo‘yildi. Jumladan, sohada faoliyat yuritayotgan xodimlarning ijtimoiy himoyasini yanada kuchaytirish, zamonaviy texnologiyalar bilan jihozlash, kasbiy malakasini oshirish va har bir a’zo uchun munosib ish sharoiti yaratish ustuvor vazifalar sifatida belgilandi.
Konferensiya o‘z mazmun-mohiyati, tashkilotchilik darajasi va faol muloqot muhiti bilan ishtirokchilarda katta taassurot qoldirdi.
Uning natijalari sohada xizmat qilayotgan mutaxassislarning kelajagi uchun mustahkam poydevor bo‘lib xizmat qiladi.