
«MURUVVAT» UYIDA MEHR-SAHOVAT BAYRAMI NISHONLANDI
Sharqona yangi yil boshlanadigan qutlug‘ kun – Navro‘zi olam asrlar davomida bahor, ezgulik, mehr-oqibat va bunyodkor mehnat ramzi sifatida el-yurtimizning ijtimoiy-ma’naviy hayotida o‘rni beqiyos.
Bu bayram keyingi yillarda Vatanimizda amalga oshirilayotgan «Inson qadri uchun, inson baxti uchun» degan olijanob g‘oyaga hamohang bo‘lib, tom ma’noda umumxalq bayramiga aylandi va mamlakatimizning barcha shahar va qishloqlarida keng nishonlanmoqda.
Navro‘z bayrami muqaddas Ramazon oyida nishonlanishini inobatga olib «Mehribonlik», «Saxovat» va «Muruvvat» uylarida yashayotgan shaxslar, ehtiyojmand oilalarning holidan xabar olish va xayriya tadbirlari izchil amalga oshirilib kelinmoqda.
Bayram munosabati bilan O‘zbekiston kasaba uyushmalari Federatsiyasining Surxondaryo viloyat kengashi tashabbusi bilan Sariosiyo tumanidagi «Muruvvat» nogironligi bo‘lgan shaxslar uchun ayollar internat uyida ma’naviy-ma’rifiy tadbir tashkil etildi.
Tadbirda O‘zbekiston kasaba uyushmalari Federatsiyasining Surxondaryo viloyat kengashi raisi A.Axmedov ishtirokchilarni O‘zbekiston kasaba uyushmalari nomidan yangilanish va yasharish bayrami hisoblangan “Navro‘z” umumxalq bayrami hamda muqaddas Ramazon oyi bilan qutlab, so‘nggi yillarda mamlakatimizda aholining ijtimoiy himoyaga muhtoj qatlamlarini davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlashning samarali tizimi shakllantirilganligi, tibbiy va ijtimoiy xizmatlarni takomillashtirish hamda rivojlantirishga katta e’tibor qaratilayotganini alohida qayd etib o‘tishdi.
Tadbir davomida ishtirokchilariga ko‘tarinki kayfiyat ulashish maqsadida vohaning xushovoz xonandalari ishtirokida konsert dasturi tashkil etilib, «Muruvvat» uyida istiqomad qilib kelayotgan ayollar uchun ehson oshi, tashkilotchilarning esdalik sovg‘alari tarqatilishi barchaga birdek quvonch ulashdi.