INSON QADRI — HAMIShA USTUVOR

Yaratganga shukrki, yurtimizda tinchlik va barqarorlikni mustahkamlash, inson huquqlari, erkinliklari hamda manfaatlarini ta’minlash, jonajon Vatanimizni har tomonlama taraqqiy ettirish, uning xalqaro maydondagi obro’-e’tiborini yuksaklarga ko’tarish uchun keng ko’lamli izchil islohotlar olib borilmoqda.

Yaqinda o’z Istiqlolining o’ttiz ikki yillik qutlug’ to’yini nishonlagan mamlakatimiz fuqarolari albatta ertangi kelajakka katta ishonch va umid bilan qaramoqda. Ular o’z muqim ish o’rniga ega bo’lishni, yaxshi daromad topishni va bir so’z bilan aytganda, yaxshi yashashni chin dildan xohlaydi. Katta umidlar bilan o’stirayotgan farzandu nabiralarining o’z yurtida baxtu kamolini ko’rishni istaydi. Bu orzu-niyatlar insonlarga xos fazilatlardir, albatta.

Kuni kecha O’zbekiston kasaba uyushmalari viloyat kengashida O’zbekiston kasaba uyushmalari Federatsiyasi raisi o’rinbosari — Mehnat inspektsiyasi boshlig’i Qobiljon Qirg’izaliyev raisligida hamda Metallurgiya va mashinasozlik sanoati tarmoqlari xodimlari kasaba uyushmasi respublika kengashi raisi Ahmadjon Haqqulov va Tadbirkorlik, biznes va xizmat ko’rsatish sohalari xodimlari kasaba uyushmasi Respublika kengashi rais o’rinbosari Shavkat Qodirovlar ishtirokida yig’ilish bo’lib o’tdi.

Unda viloyat Kengashi tomonidan “Ayollar daftari” tizimining 4-bosqich ijrosi va galdagi vazifalar muhokama etildi. Asosiy masalalardan xotin-qizlar o’rtasida jinoyatchilikni bartaraf etish, ishsizlikni bartaraf etish bo’yicha ko’rilayotgan aniq chora-tadbirlar o’rganildi. Yig’ilishda yuqoridagi masalalar yuzasidan tuzilgan shtab a’zolari tuman (shahar)larga biriktirilgan mas’ullar ishtirok etdi.

Shu o’rinda ta’kidlab o’tish joizki, viloyat kasaba uyushmalari vakillari va biriktirilgan mas’ullar tomonidan hududiy mehnat bozoridagi mavjud vaziyat doimiy monitoring qilib borilmoqda. Misol uchun joriy yil boshida viloyatda mehnat resurslari 1 mln. 469 ming nafarni tashkil etgan bo’lsa, ularning qariyb 367,5 ming nafari iqtisodiyotning rasmiy, 525,9 ming nafari norasmiy sektorida faoliyat olib borishmoqda. 109 ming 643 nafari esa xorijga vaqtincha ishlash uchun ketgan. 102,3 ming kishi esa, ishsiz fuqarolardir.

—Yuqoridagi vaziyatni e’tiborga olib, 2023 yil birinchi yarmida viloyatimiz bo’yicha ijtimoiy himoyaga muhtoj hamda ish topishda qiynalayotgan 1126 nafar bandligini ta’minlashga erishdik. Shundan 614 nafari “Ayollar daftari”ga kiritilgan a’zolardir. Shulardan 32 nafari “Temir daftar” va “Yoshlar daftari”da ro’yxatda turgan imkoniyati cheklangan fuqarolardir, — deydi viloyat kasaba uyushmalari kengashi raisi o’rinbosari Qobil Bobolov.

Shuningdek, O’zbekiston Davlat muassasalari va jamoat xizmati xodimlari hamda O’zbekiston Tadbirkorlik, biznes va xizmat ko’rsatish sohalari xodimlari kasaba uyushmasi tizimlarini o’rganishda “Jismoniy va yuridik shaxslarning murojaatlari to’g’risida”gi qonunining ijrosini ta’minlash yuzasidan olib borilayotgan ishlar ahvoli ham o’rganilib, soha mutaxassislariga bu borada amaliy yordam ko’rsatildi.