SURXONDARYODA “ENG FAOL YOSH KITOBXON” TANLOVI GʻOLIBLARI ANIQLANDI

   Bugun Termiz shahridagi Adib Sobir Termiziy nomidagi Surxondaryo viloyat Axborot-kutubxona markazida “Kitob — maʼrifat manbai” shiori ostida “Eng faol yosh kitobxon” tanlovining viloyat bosqichi boʻlib oʻtdi.
Oʻzbekiston kasaba uyushmalari Federatsiyasining Surxondaryo viloyat Kengashi tomonidan tashkil etilgan ushbu tadbirda mehnat jamoalarida faoliyat yuritayotgan 35 yoshgacha boʻlgan yosh xodimlar ishtirok etishdi. Shuningdek, bellashuvga viloyatdagi korxona, tashkilot va muassasalarda mehnat qilayotgan yoshlar, kasaba uyushmalari faollari hamda hamkor tashkilotlar vakillari tashrif buyurishdi.
Qizgʻin va murosasiz kechgan bahslar yakuniga koʻra, quyidagi ishtirokchilar gʻoliblikni qoʻlga kiritishdi:
  • 1-oʻrin: Muxriddin Xidirov — Termiz davlat universiteti oʻqituvchisi;
  • 2-oʻrin: Feruza Raxmonqulova — Termiz iqtisodiyot va servis universiteti oʻqituvchisi;
  • 3-oʻrin: Jamshid Hazraqulov — Termiz shahar 1-son texnikumi oʻqituvchisi.
Tadbir yakunida barcha faol ishtirokchilar va gʻoliblar tashkilotchilar tomonidan kasaba uyushmalarining diplom, tashakkurnoma hamda qimmatbaho esdalik sovgʻalari bilan tantanali ravishda taqdirlandilar.
 

Surxondaryoda «Ekologik faol kasaba uyushmasi jamoasi» ko‘rik-tanloviga start berildi

O‘zbekiston kasaba uyushmalari Federatsiyasining Surxondaryo viloyat Kengashi tomonidan «Ekologik faol kasaba uyushmasi jamoasi» Respublika ko‘rik-tanlovining viloyat bosqichi boshlandi.
Tanlovning asosiy maqsadi:
  • Mehnat jamoalarida ekologik madaniyatni yuksaltirish.
  • Atrof-muhitni muhofaza qilish ва «yashil» tashabbuslarni qo‘llab-quvvatlash.
  • Jamoalarda ekologik mas’uliyatni yanada kuchaytirish.
Kimlar ishtirok etishi mumkin?
Tanlovda Surxondaryo viloyatidagi barcha kasaba uyushma tashkilotlari va mehnat jamoalari ishtirok etishlari mumkin.

Ishtirokchilarga qo‘yiladigan asosiy talablar:
  1. Yashil hududlar: Yangi barpo etilgan «Kasaba uyushmasi bog‘i» yoki yashil maydonlarning mavjudligi.
  2. Hujjatlar bazasi: Lokal normativ hujjatlarda ekologik faol jamoani shakllantirishga oid normalarning aks etishi.
  3. Jamoa shartnomasi: Shartnomaga ekologik xavfsizlik va mehnat gigiyenasi bo‘limlarining kiritilganligi.
  4. «Yashil makon»: Loyiha doirasida ekilgan daraxt va butalar soni hamda ularning parvarishi.
  5. Agrotexnologiyalar: Ko‘kalamzorlashtirishda tomchilatib sug‘orish tizimlarining joriy etilganligi.
  6. Raqamlashtirish: «Yashil maydon» infratuzilmasi, mas’ullar, maxsus platforma va raqamli xaritaning mavjudligi.
  7. Targ‘ibot ishlari: Ekologik targ‘ibot, tashviqot va tarbiyaviy tadbirlarning muntazam o‘tkazilishi.
  8. Yoshlar faolligi: Yoshlarning ekologik madaniyatini oshirish va ularning tashabbuslarini qo‘llab-quvvatlash.
  9. Ekoturizm: Ekoturizm aksiyalari hamda ekologik loyihalarning amalga oshirilganligi.
  10. Sog‘lom turmush tarzi: «Avtomobilsiz kun» va «Avtomobilsiz hafta» aksiyalarining tashkil etilishi.
  11. Yangi o‘rinlar: Ish joylarida maxsus «Yashil ish o‘rinlari» yaratilganligi.

Energiya va tabiiy resurslarni tejash bo‘yicha mezonlar:
  • Tejamkorlik: LED lampalar va energiya tejamkor qurilmalardan foydalanish.
  • Muqobil energiya: Quyosh panellari ва boshqa muqobil energiya manbalarini joriy etish.
  • Eko-bino: Binolarda tabiiy yoritish tizimi va samarali issiqlik izolyatsiyasidan foydalanish.
  • Suv tejamkorligi: Suv tejovchi uskunalar va yomg‘ir suvini to‘plash tizimlarini tashkil etish.
  • Qayta ishlash: Oqova suvlarni tozalash ва ulardan qayta foydalanish amaliyotini yo‘lga qo‘yish.

Atrof-muhitni muhofaza qilish bo‘yicha mezonlar:
  • Monitoring: Atmosferaga chiqarilayotgan zararli moddalar ustidan doimiy nazorat olib borish.
  • Filtrlash: Tashlamalarni kamaytirish uchun zamonaviy filtr ва tozalash qurilmalarini o‘rnatish.
  • Innovatsiyalar: Ekologik talablarga muvofiq keladigan innovatsion ва «yashil» texnologiyalarni joriy etish.

 

Surxondaryo viloyati Uzun tumanida joylashgan “Janub gavhari” bolalar oromgohi 1-mavsum uchun o‘z faoliyatini boshladi!

Joriy yilning 10-iyun sanasida Surxondaryo viloyati Uzun tumanida joylashgan “Janub gavhari” bolalar oromgohi 1-mavsum uchun bolalarni qabul qilishni boshladi. Ushbu kun oromgohning tasdiqlangan rejasiga binoan “Salom, oromgoh!” kuni deb e’lon qilindi.

Qabul davomida ota-onalar oromgohda bolajonlar uchun yaratilgan shart-sharoitlar bilan yaqindan tanishdilar. Jarayon avvalida tuman Tibbiyot birlashmasidan biriktirilgan shifokorlar bolajonlarning salomatligini ko‘zdan kechirdilar.

Quyida “Janub gavhari” oromgohining 1-kuni — “Do‘stlik kuni” faoliyatidan videolavhani tomosha qilishingiz mumkin.

Markaziy Osiyoda yagona: Termizda Mehnat va ijtimoiy munosabatlar akademiyasi targ‘ibot tadbiri o‘tkazildi

Termiz shahrida O‘zbekiston Kasaba uyushmalari federatsiyasining Mehnat va ijtimoiy munosabatlar akademiyasi faoliyatiga bag‘ishlangan keng qamrovli targ‘ibot tadbiri bo‘lib o‘tdi. Unda kasaba uyushmalari faollari, yoshlar, abiturientlar hamda ta’lim sohasiga qiziquvchi fuqarolar ishtirok etdi.

Tadbirni O‘zbekiston kasaba uyushmalari federatsiyasi Surxondaryo viloyati kengashi raisi A. Axmedov ochib berdi. U o‘z nutqida mamlakatimizda yoshlarni zamonaviy bilim va kasb-hunarlarga yo‘naltirish, mehnat bozorida raqobatbardosh kadrlar tayyorlash davlat siyosatining ustuvor yo‘nalishlaridan biri ekanini alohida ta’kidladi.

Tadbir davomida Akademiya faoliyatiga bag‘ishlangan maxsus videorolik namoyish etildi. Ishtirokchilar videolavha orqali oliy ta’lim muassasasining zamonaviy moddiy-texnik bazasi, o‘quv jarayonlari, talabalar uchun yaratilgan shart-sharoitlar va ilmiy izlanishlar imkoniyatlari bilan yaqindan tanishdilar.

Akademiya vakili Salim Abdulhakimov so‘zga chiqib, mazkur dargohning tashkil etilish tarixi va ilmiy salohiyati haqida to‘xtaldi. Jumladan:

  • Professor-o‘qituvchilar tarkibi;
  • Zamonaviy va istiqbolli ta’lim yo‘nalishlari;
  • Bitiruvchilarning mehnat bozoridagi o‘rni;
  • Nazariy bilim va amaliyotning uyg‘unligi haqida batafsil ma’lumot berildi.

Uchrashuvda ishtirok etgan surxondaryolik talabalar ham o‘z taassurotlari bilan o‘rtoqlashdilar. Ular ta’lim sifati, talabalar uchun berilayotgan imtiyozlar va bo‘sh vaqtni mazmunli tashkil etish bo‘yicha yaratilgan qulayliklarni e’tirof etdilar.

Savol-javoblarga boy o‘tgan tadbirda ishtirokchilar qabul tartibi, yo‘nalishlar va istiqboldagi rejalar yuzasidan o‘zlarini qiziqtirgan barcha savollarga javob oldilar.

Birinchi iyun — Xalqaro bolalarni himoya qilish kuni.

Yozning birinchi kuniga to‘g‘ri keladigan Xalqaro bolalarni himoya qilish kuni eng qadimiy xalqaro bayramlardan biri bo‘lib, butun dunyoda 1950-yildan beri nishonlanadi. Uni o‘tkazish to‘g‘risidagi qaror 1949-yil noyabr oyida bo‘lib o‘tgan maxsus sessiyada Xalqaro demokratik ayollar federatsiyasi tomonidan qabul qilingan. BMT ushbu tashabbusni qo‘llab-quvvatladi va bolalar huquqlari, hayoti hamda salomatligini himoya qilishni o‘z faoliyatining ustuvor yo‘nalishlaridan biri deb e’lon qildi.

Xalqaro bolalarni himoya qilish kuni, eng avvalo, kattalarga bolalarning yashash, fikr va e’tiqod erkinligi, ta’lim olish, hordiq chiqarish va dam olish huquqlarini hurmat qilish zarurligini eslatadi. Shuningdek, u bolalarni jismoniy va ruhiy zo‘ravonlikdan hamda bolalar mehnatidan himoya qilish — insonparvar va adolatli jamiyatni shakllantirishning asosiy sharti ekanini bildiradi.

1959-yilda Birlashgan Millatlar Tashkiloti tomonidan Bola huquqlari deklaratsiyasi qabul qilindi. Unda ota-onalar, davlat organlari, mahalliy hokimiyatlar, hukumatlar va nodavlat notijorat tashkilotlarini bolalarning belgilangan huquq hamda erkinliklarini tan olishga va ularga rioya qilishga chaqiruvchi moddalar o‘rin olgan. Deklaratsiya tavsiya xarakteriga ega bo‘lib, majburiy kuchga ega emas edi.

Bola huquqlari xalqaro huquq darajasida ko‘rib chiqilgan birinchi va asosiy huquqiy hujjat — 1989-yil 20-noyabrda BMT tomonidan qabul qilingan Bola huquqlari to‘g‘risidagi konvensiyadir.

O‘zbekistonda bolalar huquqlari, avvalambor, Konstitutsiya bilan belgilangan. Shuningdek, ular 2007-yilda qabul qilingan “Bola huquqlarining kafolatlari to‘g‘risida”gi qonun hamda 2019-yil 22-apreldagi “Bola huquqlari kafolatlarini yanada kuchaytirishga oid qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi PQ-4296-sonli qaror bilan himoyalangan. O‘zbekistonda 2019-yildan boshlab Bolalar ombudsmani instituti ham joriy etilgan.

Bundan tashqari, O‘zbekistonda bolalarning har tomonlama — ham jismoniy, ham intellektual yetuk insonlar bo‘lib o‘sishini ta’minlash davlat siyosatining ustuvor vazifalaridan biri etib belgilangan.

 

Ko‘p yillik samarali mehnatning munosib e’tirofi

Surxondaryo viloyati Angor tumanidagi 2-sonli umumiy o‘rta ta’lim maktabida nafaqaga kuzatish marosimi bo‘lib o‘tdi. Maktabning boshlang‘ich sinf o‘qituvchisi Jumayeva Nodira Norboyevna 53 yoshni qarshilashi hamda nafaqaga chiqishi munosabati bilan jamoa tomonidan alohida e’tirof etildi.

Nodira Norboyevnaga ko‘p yillik fidokorona mehnati, yosh avlodga bergan ta’lim-tarbiyasi uchun minnatdorchilik bildirilib, maktab ma’muriyati tomonidan Faxriy yorliq va esdalik sovg‘alari topshirildi. Ustozimizga uzoq umr va sihat-salomatlik tilaymiz!

“Yuksak ma’rifatli avlod — Uchinchi Renessans poydevori!”: Maktabimizda «So‘nggi qo‘ng‘iroq» tadbiri bo‘lib o‘tdi.

Angor tumanidagi 24-sonli umumiy o’rta ta’lim maktabida 2026-yil 25-may kuni “Yuksak ma’rifatli avlod — Uchinchi Renessans poydevori!” shiori ostida «So‘nggi qo‘ng‘iroq» tadbiri bo‘lib o‘tdi.

Tadbir davomida o‘quv yili davomida yuqori natijalarga erishgan, bilimli va faol o‘qituvchilar hamda o’quvchilar maktab ma’muriyati tomonidan faxriy yorliq va esdalik sovg‘alari bilan taqdirlandilar.

QONUN USTUVORLIGI — INSON MANFAATLARI HIMOYASI KAFOLATI

Qonun ustuvorligi – jamiyat taraqqiyotining mustahkam poydevori, inson huquq va manfaatlarini ta’minlashning eng ishonchli kafolatidir.

Mehnat munosabatlarida esa bu tamoyil har bir xodimning qadri, sha’ni va huquqlari himoya qilinishida yaqqol namoyon bo‘ladi.

O‘zbekiston kasaba uyushmalari Federatsiyasi Surxondaryo viloyati kengashi mehnat huquq inspektori Zarif Xolov tomonidan bu borada izchil va samarali ishlar amalga oshirilmoqda.

Ayniqsa, joriy yilning fevral–mart oylarida amalga oshirilgan ishlar qonuniylik va adolatni ta’minlash yo‘lida muhim natijalar berdi.

Jumladan, FIB Qumqo‘rg‘on tumanlararo sudining qarori bilan “Davlatsoy” MFY hokim yordamchisi O.Jumaev ishga tiklanib, unga 41,5 million so‘mdan ortiq mablag‘ undirilishi ta’minlandi.

Bu – mehnat huquqlari poymol etilganda, qonun orqali adolatni tiklash mumkinligining yaqqol isbotidir.

Shuningdek, Surxondaryo viloyat sudida apellyatsiya tartibida ko‘rib chiqilgan ishda Sho‘rchi tumani 1-son politexnikumi xodimi N.Menglievning huquqlari himoya qilinib, adolat qaror topdi. Bu esa har qanday bosqichda ham haqiqat ustuvor bo‘lishini ko‘rsatadi.

Uzun tumanidagi 36-maktab xodimi J.Abdurasulov foydasiga 8,5 million so‘m miqdoridagi kechiktirilgan to‘lovlarning sud orqali undirilishi ta’minlandi.

Bu kabi ishlar xodimlarning ijtimoiy himoyasi amalda ta’minlanayotganini anglatadi.

Amalga oshirilayotgan har bir ish – inson manfaati, adolat va qonuniylikni ta’minlashga qaratilgan. Kasaba uyushmalari tizimi esa bu borada ishonchli tayanch bo‘lib xizmat qilmoqda.

Xolov Zarif Xalilovich
Mehnat huquq inspektori