
Samarqand shahriga tarixiy-ma’rifiy sayohat tashkil etdi
O‘zbekiston davlat muassasalari va jamoat xizmati xodimlari kasaba uyushmasi o‘z a’zolarini rag‘batlantirish, ularning ma’naviy hordiq chiqarishini ta’minlash maqsadida 1–2 oktyabr kunlari Samarqand shahriga ikki kunlik tarixiy-ma’rifiy sayohat tashkil etdi. Ushbu sayohat 11 noyabr — O‘zbekiston kasaba uyushmalari kuni arafasida, tarmoqda xizmat qilayotgan 50 nafar fidoiy xodim va ularning ota-onalari uchun ajoyib tuhfa bo‘ldi.
Sayohat dasturi juda boy va mazmunli bo‘lib, ishtirokchilar Temuriylar davrining eng buyuk obidalariga tashrif buyurdilar. Jumladan, Ulug‘bek rasadxonasi va «Ziji Ko‘ragoniy» katalogi bilan tanishib, ajdodlarimiz ilm-fanidan g‘ururlanishdi. Shuningdek, Shohizinda, Go‘ri Amir va Sharq me’morchiligining durdonasi Registon maydoni ziyorat qilindi.
Safarning eng ta’sirli qismi O‘zbekiston Respublikasining Birinchi Prezidenti Islom Abdug‘anievich Karimovning uy-muzeyi va muborak qabri ziyorati bo‘ldi. Ziyorat davomida Qur’on tilovat qilinib, mamlakat taraqqiyotiga hissa qo‘shgan ulug‘ insonlar ruhiga duolar bag‘ishlandi.
Ishtirokchilar, jumladan, Qumqo‘rg‘on tuman Mudofaa ishlari bo‘limi xodimi Sayfiev Nurillo Saitovich va FVB xodimi Xidaev Temur Turg‘unovich bunday yuksak e’tibor va mehnat qadrlangani uchun tashkilotchilarga — O‘zbekiston kasaba uyushmalari Federatsiyasining Surxondaryo viloyat Kengashi rahbariyatiga o‘z minnatdorchiligini bildirdi.