SURXONDARYODA “ENG FAOL YOSH KITOBXON” TANLOVI GʻOLIBLARI ANIQLANDI
Bugun Termiz shahridagi Adib Sobir Termiziy nomidagi Surxondaryo viloyat Axborot-kutubxona markazida “Kitob — maʼrifat manbai” shiori ostida “Eng faol yosh kitobxon” tanlovining viloyat bosqichi boʻlib oʻtdi.
Oʻzbekiston kasaba uyushmalari Federatsiyasining Surxondaryo viloyat Kengashi tomonidan tashkil etilgan ushbu tadbirda mehnat jamoalarida faoliyat yuritayotgan 35 yoshgacha boʻlgan yosh xodimlar ishtirok etishdi. Shuningdek, bellashuvga viloyatdagi korxona, tashkilot va muassasalarda mehnat qilayotgan yoshlar, kasaba uyushmalari faollari hamda hamkor tashkilotlar vakillari tashrif buyurishdi.
Qizgʻin va murosasiz kechgan bahslar yakuniga koʻra, quyidagi ishtirokchilar gʻoliblikni qoʻlga kiritishdi:
- 1-oʻrin: Muxriddin Xidirov — Termiz davlat universiteti oʻqituvchisi;
- 2-oʻrin: Feruza Raxmonqulova — Termiz iqtisodiyot va servis universiteti oʻqituvchisi;
- 3-oʻrin: Jamshid Hazraqulov — Termiz shahar 1-son texnikumi oʻqituvchisi.
Tadbir yakunida barcha faol ishtirokchilar va gʻoliblar tashkilotchilar tomonidan kasaba uyushmalarining diplom, tashakkurnoma hamda qimmatbaho esdalik sovgʻalari bilan tantanali ravishda taqdirlandilar.
