Birinchi iyun — Xalqaro bolalarni himoya qilish kuni.

Yozning birinchi kuniga to‘g‘ri keladigan Xalqaro bolalarni himoya qilish kuni eng qadimiy xalqaro bayramlardan biri bo‘lib, butun dunyoda 1950-yildan beri nishonlanadi. Uni o‘tkazish to‘g‘risidagi qaror 1949-yil noyabr oyida bo‘lib o‘tgan maxsus sessiyada Xalqaro demokratik ayollar federatsiyasi tomonidan qabul qilingan. BMT ushbu tashabbusni qo‘llab-quvvatladi va bolalar huquqlari, hayoti hamda salomatligini himoya qilishni o‘z faoliyatining ustuvor yo‘nalishlaridan biri deb e’lon qildi.

Xalqaro bolalarni himoya qilish kuni, eng avvalo, kattalarga bolalarning yashash, fikr va e’tiqod erkinligi, ta’lim olish, hordiq chiqarish va dam olish huquqlarini hurmat qilish zarurligini eslatadi. Shuningdek, u bolalarni jismoniy va ruhiy zo‘ravonlikdan hamda bolalar mehnatidan himoya qilish — insonparvar va adolatli jamiyatni shakllantirishning asosiy sharti ekanini bildiradi.

1959-yilda Birlashgan Millatlar Tashkiloti tomonidan Bola huquqlari deklaratsiyasi qabul qilindi. Unda ota-onalar, davlat organlari, mahalliy hokimiyatlar, hukumatlar va nodavlat notijorat tashkilotlarini bolalarning belgilangan huquq hamda erkinliklarini tan olishga va ularga rioya qilishga chaqiruvchi moddalar o‘rin olgan. Deklaratsiya tavsiya xarakteriga ega bo‘lib, majburiy kuchga ega emas edi.

Bola huquqlari xalqaro huquq darajasida ko‘rib chiqilgan birinchi va asosiy huquqiy hujjat — 1989-yil 20-noyabrda BMT tomonidan qabul qilingan Bola huquqlari to‘g‘risidagi konvensiyadir.

O‘zbekistonda bolalar huquqlari, avvalambor, Konstitutsiya bilan belgilangan. Shuningdek, ular 2007-yilda qabul qilingan “Bola huquqlarining kafolatlari to‘g‘risida”gi qonun hamda 2019-yil 22-apreldagi “Bola huquqlari kafolatlarini yanada kuchaytirishga oid qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi PQ-4296-sonli qaror bilan himoyalangan. O‘zbekistonda 2019-yildan boshlab Bolalar ombudsmani instituti ham joriy etilgan.

Bundan tashqari, O‘zbekistonda bolalarning har tomonlama — ham jismoniy, ham intellektual yetuk insonlar bo‘lib o‘sishini ta’minlash davlat siyosatining ustuvor vazifalaridan biri etib belgilangan.

 

Print Friendly, PDF & Email