Samarqand shahriga tarixiy-ma’rifiy sayohat tashkil etdi

O‘zbekiston davlat muassasalari va jamoat xizmati xodimlari kasaba uyushmasi o‘z a’zolarini rag‘batlantirish, ularning ma’naviy hordiq chiqarishini ta’minlash maqsadida 1–2 oktyabr kunlari Samarqand shahriga ikki kunlik tarixiy-ma’rifiy sayohat tashkil etdi. Ushbu sayohat 11 noyabr — O‘zbekiston kasaba uyushmalari kuni arafasida, tarmoqda xizmat qilayotgan 50 nafar fidoiy xodim va ularning ota-onalari uchun ajoyib tuhfa bo‘ldi.

​Sayohat dasturi juda boy va mazmunli bo‘lib, ishtirokchilar Temuriylar davrining eng buyuk obidalariga tashrif buyurdilar. Jumladan, Ulug‘bek rasadxonasi va «Ziji Ko‘ragoniy» katalogi bilan tanishib, ajdodlarimiz ilm-fanidan g‘ururlanishdi. Shuningdek, Shohizinda, Go‘ri Amir va Sharq me’morchiligining durdonasi Registon maydoni ziyorat qilindi.

​Safarning eng ta’sirli qismi O‘zbekiston Respublikasining Birinchi Prezidenti Islom Abdug‘anievich Karimovning uy-muzeyi va muborak qabri ziyorati bo‘ldi. Ziyorat davomida Qur’on tilovat qilinib, mamlakat taraqqiyotiga hissa qo‘shgan ulug‘ insonlar ruhiga duolar bag‘ishlandi.

​Ishtirokchilar, jumladan, Qumqo‘rg‘on tuman Mudofaa ishlari bo‘limi xodimi Sayfiev Nurillo Saitovich va FVB xodimi Xidaev Temur Turg‘unovich bunday yuksak e’tibor va mehnat qadrlangani uchun tashkilotchilarga — O‘zbekiston kasaba uyushmalari Federatsiyasining Surxondaryo viloyat Kengashi rahbariyatiga o‘z minnatdorchiligini bildirdi.